Abstrakt
Mazkur maqolada postmortal reproduksiya natijasida tug‘ilgan bolalarning meros huquqiy maqomi zamonaviy yordamchi reproduktiv texnologiyalar jadal rivojlanib borayotgan sharoitda kompleks ilmiy-huquqiy tahlil qilingan. Maqolada postmortal reproduksiya tushunchasining nazariy-huquqiy mohiyati, uning fuqarolik huquqidagi o‘rni hamda shaxsning vafotidan keyingi reproduktiv huquqiy munosabatlar tizimidagi ahamiyati yoritilgan. Shuningdek, postmortal reproduksiya institutining klassik “nassiturus” tamoyilidan farqli jihatlari chuqur asoslantirilgan bo‘lib, ularning huquqiy tabiati, subyektlilik masalasi hamda meros huquqlariga ta’siri qiyosiy tahlil qilingan. Mazkur yo‘nalishda Buyuk Britaniya, Germaniya, AQSH hamda ayrim umumiy huquq tizimiga mansub davlatlar qonunchiligi va sud amaliyoti o‘rganilib, postmortal reproduksiya natijasida tug‘ilgan bolalarning huquqiy maqomini belgilashga nisbatan shakllangan universal, maxsus va cheklovchi yondashuvlar tizimli ravishda tasniflangan.
Maqolada O‘zbekiston Respublikasining amaldagi fuqarolik qonunchiligida ushbu institutni tartibga solishga doir huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi aniqlanib, mazkur munosabatlarni kompleks tartibga solish zarurati ilmiy jihatdan asoslab berilgan. Muallif tomonidan postmortal reproduksiyani mustaqil va murakkab fuqarolik-huquqiy institut sifatida e’tirof etish taklifi ilgari surilib, uning huquqiy oqibatlarini belgilashga doir konseptual yondashuv ishlab chiqilgan. Xususan, postmortal reproduksiya natijasida tug‘ilgan bolalarning meros huquqlarini tan olish uchun quyidagi asosiy shartlar tizimi taklif etiladi: meros qoldiruvchining oldindan berilgan aniq va erkin ifodalangan yozma roziligi; reproduktiv jarayonni amalga oshirishning qonunchilikda belgilangan muddat cheklovlari; hamda bola va meros qoldiruvchi o‘rtasidagi genetik bog‘liqlikni ishonchli tarzda aniqlash mezonlari. Ushbu talablarni Fuqarolik kodeksida alohida norma sifatida mustahkamlash zarurligi asoslantiriladi.Natijada, maqolada postmortal reproduksiya institutining fuqarolik huquqi tizimidagi o‘rni, uning meros huquqiga ta’siri hamda kelgusida qonunchilikni takomillashtirish yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-amaliy xulosalar shakllantirilgan.
