Abstrakt
Maqolada globallashuv sharoitida iqtisodiy va tijorat munosabatlarining jadallashuvi natijasida yuzaga kelayotgan nizolarni hal etishda mediatsiya institutining o‘rni, ahamiyati va afzalliklari tahlil qilingan. Xususan, Xitoyda mediatsiya institutining shakllanish va rivojlanish tarixi, ushbu usul yordamida nizolarni hal qilish borasida erishilgan yutuqlar hamda “Tijorat mediatsiyasi to‘g‘risida”gi Nizomning qabul qilinishidan ko‘zlangan maqsadlar yoritilgan. Shuningdek, tijorat mediatsiyasi faoliyatining huquqiy tabiati, mazmun-mohiyati va uni amalga oshirishning asosiy prinsiplari ochib berilgan. Tijorat mediatsiyasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, tijorat mediatsiyasi tashkilotlarini tuzish shartlari va tartibi, ularning ustaviga qo‘yiladigan talablar hamda faoliyatini tashkil etishning huquqiy asoslari tahlil etilgan. Bundan tashqari, tijorat mediatorlariga qo‘yiladigan malakaviy talablar, mediatsiya jarayonini o‘tkazish tartib-taomillari, taraflarning kelishuvga erishishi yoki erishmasligi bilan bog‘liq huquqiy oqibatlar ham ko‘rib chiqilgan. Maqolada mediatsiya natijasida erishilgan kelishuvni rasmiylashtirish va uning ijrosini ta’minlash mexanizmlari, tijorat mediatsiyasi tashkilotlari hamda mahalliy boshqaruv organlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar, shuningdek, amaldagi qonunchilik talablariga rioya etilmagan taqdirda yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar ham tahlil qilingan. Xulosa sifatida tijorat mediatsiyasi faoliyatini xorijiy davlatlar tajribasi bilan qiyosiy-huquqiy jihatdan chuqur va atroflicha o‘rganishning dolzarbligi asoslab berilgan.